Advokatura toʻgʻrisida 12-1-modda. Advokatlar palatasi

Advokatlar palatasi Oʻzbekiston Respublikasi barcha advokatlarining majburiy aʼzoligiga asoslangan notijorat tashkilotidir. Advokatlar palatasi oʻzining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tuziladigan hududiy boshqarmalari bilan birgalikda advokaturaning yagona oʻzini oʻzi boshqarish tizimini tashkil etadi. Advokatlar palatasi advokatlarning qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladigan faoliyatiga aralashmaslik prinsipi asosida faoliyat koʻrsatadi. Advokatlar palatasining vazifalari va vakolatlariga oʻxshash vazifalar va vakolatlarga ega boʻlgan boshqa tashkilotlarni tashkil etishga yoʻl qoʻyilmaydi. Advokatlar Advokatlar palatasi va uning hududiy boshqarmalarining majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, advokatlarning majburiyatlari boʻyicha esa, Advokatlar palatasi va uning hududiy boshqarmalari javob bermaydi. Advokatlar palatasi va uning hududiy boshqarmalarining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari barcha advokatlik tuzilmalari va advokatlar uchun majburiydir. Advokatlar palatasi faoliyatini moliyalashtirish Advokatlar palatasi Konferensiyasi tomonidan miqdori belgilanadigan kirish va aʼzolik badallari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.