Advokatura toʻgʻrisida 12-3-modda. Advokatlar palatasining organlari va mansabdor shaxslari

Advokatlar palatasining Konferensiyasi palataning yuqori organi boʻlib, kamida besh yilda bir marta chaqiriladi. Advokatlar palatasi Boshqaruvi Advokatlar palatasining advokatlar orasidan saylanadigan ijro etuvchi organi boʻlib, palataning faoliyatiga joriy rahbarlikni amalga oshiradi. Advokatlar palatasining raisi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining taqdimnomasiga binoan Advokatlar palatasining Konferensiyasi tomonidan ushbu Konferensiya saylagan Advokatlar palatasi Boshqaruvi aʼzolari orasidan besh yil muddatga saylanadi. Ayni bir shaxs ketma-ket ikki muddatdan ortiq Advokatlar palatasining raisi boʻlishi mumkin emas. Advokatlar palatasining raisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qonun loyihalarini muhokama qilish boʻyicha majlislarida ishtirok etishga va ular yuzasidan fikr-mulohazalar bildirishga haqlidir. Advokatlar palatasining raisini lavozimidan muddatidan oldin chaqirib olish Advokatlar palatasining ustavida belgilangan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining taqdimnomasiga binoan Advokatlar palatasining Konferensiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Advokatlar palatasining taftish komissiyasi Advokatlar palatasining moliyaviy nazorat organi hisoblanadi va advokatlar orasidan saylanadi.