Kamida uch yillik ish stajiga ega boʻlgan advokat stajyorga ega boʻlishga haqli. Oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan shaxs advokatning stajyori boʻlishi mumkin. Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, shuningdek sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs advokatning stajyori boʻlishi mumkin emas. Stajirovka advokatlik tuzilmasida oʻtaladi. Advokatning stajyori oʻz faoliyatini advokat rahbarligida, uning alohida topshiriqlarini bajargan holda amalga oshiradi. Stajyor advokatlik faoliyati bilan mustaqil ravishda shugʻullanishga haqli emas. Advokat stajyorining mehnat sharoitlari qonunchilikda belgilangan tartibda tuziladigan mehnat shartnomasi bilan belgilanadi. Advokat stajyorining faoliyatini tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Advokatlar palatasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.