Xodimlarni ommaviy ravishda ishdan boʻshatish mezonlari jumlasiga quyidagilar kiradi: a) xodimlarining soni yigirma nafar va undan ortiq boʻlgan har qanday tashkiliy-huquqiy shakldagi tashkilotni (uning alohida boʻlinmasini) tugatish; b) xodimlar sonining (shtatining) quyidagi miqdorda: oʻttiz kalendar kun ichida ellik nafar va undan ortiq xodimning; oltmish kalendar kun ichida ikki yuz nafar va undan ortiq xodimning; toʻqson kalendar kun ichida besh yuz nafar va undan ortiq xodimning qisqarishi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari xodimlarni ommaviy ravishda ishdan boʻshatish toʻgʻrisidagi qarorlarni mahalliy mehnat organlarining taqdimnomalari boʻyicha yoki mustaqil ravishda olti oygacha muddatga toʻxtatib turishi mumkin, bunda bir vaqtning oʻzida ushbu kechiktirish tufayli koʻrilgan zarar tashkilotlarga qisman yoki toʻliq kompensatsiya qilinadi. Mahalliy mehnat organlari ishdan ommaviy ravishda ishdan boʻshatilayotgan xodimlarga ishga joylashish va bandlikni taʼminlashda, shu jumladan bepul kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga va malaka oshirishga yuborish orqali koʻmaklashadi.