Aholi bandligi toʻgʻrisida 26-modda. Ish qidirayotgan shaxslarga va ishsiz shaxslarga xizmatlar koʻrsatuvchi mahalliy mehnat organlari xodimlarining huquq va majburiyatlari

Ish qidirayotgan shaxslarga va ishsiz shaxslarga xizmatlar koʻrsatuvchi mahalliy mehnat organi xodimlari quyidagi huquqlarga ega: ish qidirayotgan shaxslardan va ishsiz shaxslardan ularning avvalgi mehnat faoliyatiga, maʼlumotiga, oilaviy ahvoliga, daromadlari (yashash uchun mablagʻlari) manbalariga taalluqli maʼlumotlarni hamda mahalliy mehnat organining ushbu shaxslarga nisbatan qabul qilinadigan qaroriga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan boshqa maʼlumotlarni soʻrab olish; ish qidirayotgan shaxs va ishsiz shaxs tomonidan taqdim etilgan, ishsizlik nafaqasini tayinlash va toʻlashga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi hamda ishonchliligini tekshirish; oʻz vakolati doirasida mulkchilik shaklidan qatʼi nazar tashkilotlardan, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan ishsizlik nafaqasini oluvchi shaxslarga taalluqli maʼlumotlarni soʻrab olish; ish qidirayotgan shaxsning va ishsiz shaxsning roziligi bilan uning uy xoʻjaligiga band boʻlmagan aholini hisobga olish maqsadida tashrif buyurish. Ish qidirayotgan shaxslarga va ishsiz shaxslarga xizmatlar koʻrsatuvchi mahalliy mehnat organining xodimlari: ish qidirayotgan shaxslarni va ishsiz shaxslarni tezroq ishga joylashtirish, shuningdek ularning ijtimoiy himoyalanganligini taʼminlash uchun barcha saʼy-harakatlarni ishga solishi; maslahat olish uchun mehnat organlariga murojaat etgan shaxslarni roʻyxatga olishni amalga oshirishi, “Bandlik xizmati” axborot tizimining zarur roʻyxatga olish hamda hisobga olish boʻlimlarini, shuningdek soʻrovnomani oʻz vaqtida va toʻgʻri toʻldirishi; shaxsga doir maʼlumotlarning va maslahat jarayonida olingan maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlashi, ulardan faqat xizmat maqsadlarida foydalanishi; ish qidirayotgan shaxslar va ishsiz shaxslar bilan belgilangan tartibda muntazam uchrashuvlar (muloqotlar) oʻtkazishi shart.