Oʻn olti yoshdan to pensiya taʼminoti huquqini olish yoshigacha boʻlgan, haq toʻlanadigan ishga yoki ish haqi (mehnat daromadi) keltiradigan mashgʻulotga ega boʻlmagan, ish qidirayotgan va ish taklif etilsa, unga kirishishga tayyor boʻlgan yoxud kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan oʻtishga yoki malakasini oshirishga tayyor boʻlgan, ishga joylashishda koʻmak olish uchun mahalliy mehnat organlariga murojaat qilgan va ushbu organlar tomonidan ish qidirayotgan shaxslar sifatida roʻyxatga olingan mehnatga layoqatli shaxslar (bundan taʼlim muassasalarida taʼlim olayotganlar mustasno) ishsizlar deb eʼtirof etiladi. Agar ish qidirayotgan shaxsga u roʻyxatga olingan kundan eʼtiboran dastlabki oʻn kun ichida maqbul keladigan ish taklif etilmagan boʻlsa yoki mahalliy mehnat organi mazkur shaxs ishga joylashtirish uchun yuborilgan tashkilotdan rad javobini olgan boʻlsa, shaxsni ishsiz deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi qaror u ish qidirayotgan shaxs sifatida roʻyxatga olingan kundan eʼtiboran oʻn birinchi kundan kechiktirmay mahalliy mehnat organi tomonidan qabul qilinadi. Shaxsni ishsiz deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi qaror mahalliy mehnat organining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi, ushbu buyruq bir vaqtning oʻzida ishsizlik nafaqasi tayinlash toʻgʻrisidagi buyruq hisoblanadi. Buyruqda ishsizlik nafaqasining miqdori va uni hisoblash sanasi koʻrsatiladi. Ishsiz deb eʼtirof etilgan shaxs qabul qilingan qaror toʻgʻrisida mazkur qaror qabul qilinganidan keyin ikki kunlik muddatdan kechiktirmay yozma ravishda yoki telefon, elektron pochta orqali xabardor qilinadi. Bunda ishsiz deb eʼtirof etilgan shaxsga uning huquq va majburiyatlari, mahalliy mehnat organiga yoki ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks rivojlantirish boʻyicha sektorga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga biriktirilgan xodim huzuriga qayta roʻyxatdan oʻtish uchun majburiy kelish sanasi, ishsizlik nafaqasini olish shartlari va joyi, shuningdek ishsiz shaxs uchun zarur boʻlgan boshqa axborot xabar qilinad