Aholi bandligi toʻgʻrisida 45-modda. Shaxslarni ishsiz deb eʼtirof etishni rad qilish uchun asoslar

Quyidagilar ishsiz deb eʼtirof etilmaydi: taklif etilgan maqbul keladigan ishni ish qidirayotgan shaxs sifatida roʻyxatga olingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida uzrli sababsiz ikki marta rad etgan shaxslar; mahalliy mehnat organiga yoki ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks rivojlantirish boʻyicha sektorga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga biriktirilgan mahalliy mehnat organi xodimi huzuriga maqbul keladigan ish yuzasidan taklif olish uchun ish qidirayotgan shaxs sifatida roʻyxatga olingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida uzrli sababsiz kelmagan shaxslar; taʼlim muassasalarida va tashkilotlarida ishlab chiqarishdan ajralgan holda tahsil olayotgan shaxslar, bundan taʼlimning sirtqi shaklida tahsil olayotganlar mustasno; qonunchilikka muvofiq pensiya taʼminoti huquqiga ega boʻlgan shaxslar (pensiya turidan qatʼi nazar); bola ikki yoshga toʻlguniga qadar uni parvarish qilayotgan, ishlamayotgan ayollar; ishini oʻzgartirmoqchi boʻlgan, lekin mahalliy mehnat organlarida roʻyxatdan oʻtish paytida, tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, tashkilotlarda ishlovchi yoki ularning shtatida hisobda turuvchi shaxslar; sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoga hukm qilinganlar; fermer xoʻjaliklarining rahbarlari va xodimlari, oilaviy korxonalarning ishtirokchilari, dehqon xoʻjaliklarining rahbarlari va aʼzolari, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar; oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar. Ishsiz shaxs deb eʼtirof etish rad qilingan shaxs taklif etilgan ishni rad etgan paytdan yoki maqbul keladigan ish boʻyicha taklif olish uchun mahalliy mehnat organiga uzrli sababsiz kelmagan paytdan eʼtiboran oʻttiz kalendar kun oʻtganidan keyingina ish qidirayotgan shaxs sifatida takroran roʻyxatdan oʻtish huquqiga ega.