Aholi bandligi toʻgʻrisida 47-modda. Ishsiz shaxslarni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash kafolatlari

Davlat ishsiz shaxslarga quyidagilarni kafolatlaydi: ishsizlik nafaqasi toʻlanishini; mehnat organlarining yoʻllanmasi boʻyicha kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirish davrida stipendiya toʻlanishini va shu davr umumiy mehnat stajiga qoʻshilishini; mahalliy mehnat organlarining yoʻllanmasiga koʻra bepul, shu jumladan grantlar hisobidan kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirishni; haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etish imkoniyatini; tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishga hamda shaxsiy tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirishga qaratilgan, qonunchilikda belgilangan tartibda bandlikni ragʻbatlantirish va tadbirkorlikka jalb etish uchun subsidiyalarni olish imkoniyatini; mahalliy mehnat organlarining taklifiga koʻra ishlash uchun ixtiyoriy ravishda boshqa yerga koʻchib oʻtish bilan bogʻliq xarajatlar kompensatsiya qilinishini.