Mahalliy mehnat organlari har yili prognoz yilidan oldingi yilning 1-oktabriga qadar kelgusi kalendar yil uchun moʻljallangan ish qidirayotgan shaxslarni va ishsiz shaxslarni kasbga oʻqitishga boʻlgan prognoz talabni shakllantiradi hamda hududiy mehnat organlariga taqdim etadi. Hududiy mehnat organlari har yili prognoz yilidan oldingi yilning 1-noyabriga qadar kelgusi kalendar yil uchun moʻljallangan kasbga oʻqitishga doir davlat buyurtmasining hajmi va yoʻnalishlari boʻyicha talabni shakllantiradi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga taqdim etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi har yili prognoz yilidan oldingi yilning 1-dekabriga qadar ish qidirayotgan shaxslar va ishsiz shaxslar sonini, mehnat bozorining joriy holati va uni rivojlantirish istiqbollarini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasining moliyalashtirish hajmlarini tahlil qilish asosida hududlar va kasbga oʻqitish turlari kesimida kasbga oʻqitishga doir davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantiradi.