Aholi bandligi toʻgʻrisida 69-modda. Oʻrta muddatli oʻqitish

Oʻrta muddatli oʻqitish tarzidagi kasbga oʻqitishga doir davlat buyurtmasi mehnat organlari tomonidan shakllantiriladi hamda kasbga oʻqitish markazlari (kasb-hunar taʼlimi muassasalari) tomonidan amalga oshiriladi. Oʻrta muddatli oʻqitish kasbga oʻqitish markazlari (kasb-hunar taʼlimi muassasalari) tomonidan mehnat organlari bilan kelishilgan holda ushbu markazlar mustaqil ravishda belgilaydigan davrlarda tashkil etiladi. Mehnat organlari oʻqitishning tegishli yoʻnalishlari boʻyicha guruhlar shakllanishiga qarab tasdiqlangan kasbga oʻqitishga doir davlat buyurtmasining hajmlari doirasida, shuningdek fuqarolar va ish beruvchilarning ehtiyojlarini tahlil qilish, kasbga oʻqitish markazlarining (kasb-hunar taʼlimi muassasalarining) takliflari asosida oʻrta muddatli oʻqitishga doir toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzadi. Mehnat organlari, ishsiz shaxs, kasbga oʻqitish markazi (kasb-hunar taʼlimi muassasasi) hamda ishsiz shaxsni ishga joylashtirish (ishga qabul qilish) majburiyatini oʻz zimmasiga olgan ish beruvchi oʻrta muddatli oʻqitish uchun shartnoma taraflari sifatida ish yuritadi, bundan ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno. Ishsiz shaxsni ishga joylashtirish (ishga qabul qilish) majburiyatini olgan va shartnomani imzolagan ish beruvchining zimmasiga mazkur ishsiz shaxsni ishga joylashtirish (ishga qabul qilish) boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri majburiyat yuklatiladi. Agar ishsiz shaxs oʻqish tugagach jismoniy va yuridik shaxslar uchun ish haqini (mehnat daromadini) olishga qaratilgan xizmatlarni koʻrsatish, ishlarni bajarish boʻyicha mehnat faoliyatini mustaqil ravishda amalga oshirish majburiyatini hamda oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtishni oʻz zimmasiga oladigan boʻlsa, oʻrta muddatli oʻqitishga doir shartnoma tuzilayotganda ish beruvchining ishtirok etishi talab qilinmaydi.