Jamiyat qonun hujjatlarida belgilangan talablarga rioya etgan holda boshqa har qanday xoʻjalik jamiyati yoki shirkatiga aylanishga haqli. Qayta tuzilayotgan jamiyatning kuzatuv kengashi aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi hukmiga jamiyatni qayta tuzish, qayta tuzishni amalga oshirish tartibi va shartlari haqidagi masalalarni havola etadi. Qayta tuzilayotgan jamiyat aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi qayta tuzish toʻgʻrisida, qayta tuzishni amalga oshirishning tartibi va shartlari haqida qaror qabul qiladi. Qayta tuzish jarayonida vujudga keltirilayotgan yangi yuridik shaxsning qatnashchilari oʻzlarining qoʻshma majlislarida uning taʼsis hujjatlarini tasdiqlash hamda qonun hujjatlarining talablariga muvofiq boshqaruv organlarini saylash (tayinlash) toʻgʻrisida qaror qabul qiladilar. Jamiyat qayta tuzilganida qayta tashkil etilgan jamiyatning barcha huquqlari va majburiyatlari oʻtkazish dalolatnomasiga muvofiq yangi vujudga kelgan yuridik shaxsga oʻtadi.