Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida 103-modda. Tugatilayotgan jamiyat mol-mulkini aksiyadorlar oʻrtasida taqsimlash

Kreditorlar bilan hisob-kitob qilib boʻlinganidan keyin tugatilayotgan jamiyatning qolgan mol-mulki tugatuvchi tomonidan aksiyadorlar oʻrtasida quyidagi navbat boʻyicha taqsimlanadi: birinchi navbatda ushbu Qonunning 44-moddasiga muvofiq qaytarib sotib olinishi lozim boʻlgan aksiyalar boʻyicha toʻlovlar amalga oshiriladi; ikkinchi navbatda imtiyozli aksiyalar boʻyicha yozilgan, biroq toʻlanmagan dividendlarni va jamiyat ustavida imtiyozli aksiyalar boʻyicha belgilangan tugatish qiymatini toʻlash amalga oshiriladi; uchinchi navbatda tugatilayotgan jamiyatning mol-mulkini oddiy (odatdagi) aksiyalar va barcha turdagi imtiyozli aksiyalarning egalari boʻlmish aksiyadorlar oʻrtasida taqsimlash amalga oshiriladi. Mol-mulkni har bir navbat tartibi boʻyicha taqsimlash avvalgi navbat tartibi boʻyicha mol-mulk toʻliq taqsimlab boʻlinganidan keyin amalga oshiriladi. Agar jamiyatning mavjud mol-mulki yozilgan, biroq toʻlanmagan dividendlar va jamiyat ustavida belgilangan tugatish qiymatini bir turdagi imtiyozli aksiyalarning egalari boʻlmish barcha aksiyadorlarga toʻlash uchun yetarli boʻlmasa, mol-mulk ana shunday turdagi imtiyozli aksiyalar egalari boʻlmish aksiyadorlar oʻrtasida ularga qarashli shu turdagi aksiyalarning soniga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Chet ellik investor mol-mulk tugatish qiymatining oʻzi olgan qismini belgilangan tartibda ayirboshlashga haqlidir.