Shaxs qonun hujjatlariga muvofiq affillangan deb hisoblanadi. Jamiyatning affillangan shaxslari jamiyatning oʻzlariga qarashli aksiyalari toʻgʻrisida ularning soni va turlarini koʻrsatgan holda aksiyalar sotib olingan sanadan eʼtiboran kechi bilan 10 kun ichida jamiyatni yozma ravishda xabardor qilishlari shart. Agar affillangan shaxsning aybi bilan mazkur axborotning taqdim etilmaganligi yoki oʻz vaqtida taqdim etilmaganligi natijasida jamiyatga mulkiy zarar yetkazilgan boʻlsa, affillangan shaxs jamiyat oldida oʻzi yetkazgan zarar miqdorida javobgar boʻladi. Jamiyat oʻzining affillangan shaxslari hisobini yuritishi va ular toʻgʻrisida qonun hujjatlarining talablariga muvofiq hisobot taqdim etishi shart. Ochiq aksiyadorlik jamiyati affillangan shaxslar roʻyxatini ularga tegishli aksiyalar soni va turlarini koʻrsatgan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda har yili eʼlon qilishi shart.