Aksiyadorlar: tegishli aksiyadorlik jamiyatining aksiyadorlari reyestriga kiritilish; oʻzi haqida depozitariydagi depo hisobvaragʻidan koʻchirma olish; jamiyat foydasining bir qismini dividendlar tarzida olish; aksiyadorlik jamiyati tugatilgan taqdirda oʻzlariga tegishli ulushga muvofiq mol-mulkning bir qismini olish; aksiyadorlik jamiyatini boshqarishda ishtirok etish; aksiyadorlik jamiyatining ustaviga muvofiq emitentning moliya-xoʻjalik faoliyati natijalari toʻgʻrisida toʻliq va toʻgʻri axborot olish; olgan dividendini erkin tasarruf etish; qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organida, shuningdek sudda oʻz huquqlarini himoya qilish; qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari va emitentlarning uquvsiz yoki gʻarazli xatti-harakatlari tufayli koʻrgan zararning toʻlanishini talab qilish; oʻz manfaatlarini ifodalash va himoya qilish maqsadida uyushmalar va boshqa jamoat tashkilotlariga birlashish; qimmatli qogʻozlar sotib olish vaqtida zarar koʻrish va (yoki) foydaning bir qismini yoʻqotish ehtimoli bilan bogʻliq tavakkalchilikni sugʻurtalash huquqiga ega. Aksiyadorlar jamiyat ustavida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega boʻladilar.