Jamiyat imtiyozli aksiyalarining egalari boʻlmish aksiyadorlar, agar ushbu Qonunda yoki jamiyat ustavida jamiyatning muayyan turdagi imtiyozli aksiyalari uchun boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida ovoz berish huquqiga ega emaslar. Jamiyatning bir turdagi imtiyozli aksiyalari ularning egalari boʻlmish aksiyadorlarga bir xil hajmda huquqlar beradi va odatdagi aksiyalar bilan bir xil nominal qiymatga ega boʻladi. Jamiyat tugatilgan taqdirda har bir turdagi imtiyozli aksiyalar boʻyicha toʻlanadigan dividendlar va (yoki) qiymatning (tugatilish qiymatining) miqdori jamiyat ustavida belgilab qoʻyilishi lozim. Dividend miqdori va tugatilish qiymati qatʼiy pul summasida yoki imtiyozli aksiyalarning nominal qiymatiga nisbatan foizlarda belgilanadi. Agar imtiyozli aksiyalar boʻyicha dividendlar miqdori va tugatilish qiymatini aniqlash tartibi jamiyat ustavida koʻrsatilgan boʻlsa ham ular belgilangan hisoblanadi. Dividend miqdori belgilanmagan imtiyozli aksiyalarning egalari oddiy (odatdagi) aksiyalarning egalari bilan baravar dividendlar olish huquqiga ega. Agar jamiyat ustavida ikki va undan ortiq turdagi imtiyozli aksiya nazarda tutilgan boʻlsa, jamiyat ustavida imtiyozli aksiyalarning har bir turi boʻyicha dividendlar va tugatilish qiymatini toʻlash navbati ham belgilangan boʻlishi kerak. Muayyan turdagi imtiyozli aksiyalar boʻyicha miqdori ustavda belgilangan boʻlib, toʻlanmagan yoki hammasi toʻlanmagan dividend jamgʻarib borilishi va keyinchalik toʻlanishi (kumulyativ imtiyozli aksiyalar) jamiyat ustavida belgilab qoʻyilishi mumkin. Jamiyat ustavida muayyan turdagi imtiyozli aksiyalarning oddiy (odatdagi) aksiyalar yoki boshqa turdagi imtiyozli aksiyalarga erkin ayirboshlanishi mumkinligi va shartlari ham belgilab qoʻyilishi mumkin. Imtiyozli aksiyalarning egalari boʻlmish aksiyadorlar aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida jamiyatni qayta tashkil etish va tugatish masalalari hal etilayotganda ovoz berish huquqi bilan ishtirok etadilar.