Jamiyat ustavida nazarda tutilgan, ammo ustav fondining oʻn besh foizidan kam boʻlmagan miqdorda jamiyat zaxira fondi tuziladi. Jamiyatning zaxira fondi jamiyatning ustav fondida belgilangan miqdorga yetguniga qadar har yili sof foydadan majburiy ajratmalar oʻtkazish orqali tashkil etiladi. Har yilgi ajratmalarning miqdori jamiyat ustavida nazarda tutiladi, ammo bu miqdor jamiyat ustavida belgilangan miqdorga yetguniga qadar sof foydaning besh foizidan kam boʻlmasligi kerak. Jamiyatning zaxira fondi koʻrilgan zararni qoplash, jamiyat obligatsiyalarini muomaladan chiqarish, imtiyozli aksiyalar boʻyicha dividendlar toʻlash va ushbu Qonunga muvofiq aksiyalarni sotib olishni talab qilish huquqiga ega boʻlgan aksiyadorlarning talabiga binoan aksiyalarni sotib olish uchun moʻljallanadi. Zaxira fondidan boshqa maqsadlarda foydalanish mumkin emas. Jamiyat sof aktivlarining qiymati buxgalteriya hisob-kitob maʼlumotlari boʻyicha belgilangan tartibda baholanadi. Agar ikkinchi moliya yili va undan keyingi har bir moliya yili tugaganidan keyin jamiyat aksiyadorlari tasdigʻiga taqdim etilgan yillik buxgalteriya balansiga yoki auditorlik tekshiruvi natijalariga koʻra jamiyat sof aktivlarining qiymati uning ustav fondidan oz boʻlib chiqsa, jamiyat oʻz ustav fondini sof aktivlari qiymatidan oshib ketmaydigan miqdorgacha kamaytirishini eʼlon qilishi shart. Agar ikkinchi moliya yili va undan keyingi har bir moliya yili tugaganidan keyin jamiyat aksiyadorlari tasdigʻiga taqdim etilgan yillik buxgalteriya balansiga yoki auditorlik tekshiruvi natijalariga muvofiq jamiyat sof aktivlarining qiymati ushbu Qonunning 20-moddasida koʻrsatilgan ustav fondining eng kam miqdoridan oz boʻlib chiqsa, jamiyat oʻzini tugatish haqida qaror qabul qilishi shart. Jamiyatning ustav fondini kamaytirish yoki jamiyatni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinmasa, uning aksiyadorlari, kreditorlari, shuningdek davlat tomonidan vakolat berilgan organlar jamiyatni sud tartibida tugatishni talab qilishga haqli.