Jamiyatning aksiyalariga haq toʻlash bozor qiymatida amalga oshiriladi. Jamiyatni taʼsis etish vaqtida uning aksiyalari haqini toʻlash jamiyat muassislari tomonidan aksiyalarning nominal qiymati boʻyicha amalga oshiriladi. Jamiyat quyidagi hollarda aksiyalarni ularning bozor qiymatidan arzonroq narxda joylashtirishga haqli: jamiyatning qoʻshimcha oddiy aksiyalari oddiy aksiyalar egalari boʻlgan aksiyadorlarga joylashtirilib, ular oddiy aksiyalarni bozor qiymatining toʻqson foizidan past boʻlmagan narxda sotib olishdan iborat oʻz imtiyozli huquqlarini roʻyobga chiqargan hollarda; qoʻshimcha aksiyalar vositachi ishtirokida joylashtirilib, ularning bahosi bozor bahosidan koʻpi bilan bunday aksiyalarni joylashtirish bahosiga nisbatan foizlarda belgilangan vositachilik haqi miqdorida arzon boʻlganida. Davlat korxonasi aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilganda aksiyalar ularning nominal qiymati boʻyicha joylashtiriladi va bu hol emissiya maʼlumotnomasida qayd qilinadi.