Jamiyat oʻz majburiyatlari yuzasidan oʻziga tegishli barcha mol-mulki bilan javobgar boʻladi. Aksiyadorlar jamiyatning majburiyatlari yuzasidan javobgar boʻlmaydilar va uning faoliyati bilan bogʻliq ziyonlarni oʻzlariga tegishli aksiyalar qiymati doirasida toʻlaydilar. Aksiyalar haqining hammasini toʻlamagan aksiyadorlar jamiyat majburiyatlari yuzasidan oʻzlariga tegishli aksiyalar qiymatining toʻlanmagan qismi doirasida solidar javobgar boʻladilar. Jamiyat oʻz aksiyadorlarining majburiyatlari yuzasidan javobgar boʻlmaydi. Agar jamiyatning nochorligi (bankrotligi) jamiyat uchun majburiy koʻrsatmalarni berish huquqiga ega boʻlgan aksiyador sifatidagi shaxsning gʻayriqonuniy xatti-harakatlari tufayli vujudga keltirilgan boʻlsa, mazkur aksiyador zimmasiga jamiyatning mol-mulki yetarli boʻlmagan taqdirda uning majburiyatlari boʻyicha subsidiar javobgarlik yuklatilishi mumkin. Aksiyadorlik jamiyatining ustavida tegishli huquq nazarda tutilgan taqdirdagina, aksiyador majburiy koʻrsatma berish huquqiga ega boʻladi. Jamiyat uchun majburiy koʻrsatmalar berish huquqiga ega boʻlgan aksiyador jamiyatning muayyan harakatni amalga oshirishi oqibatida nochor (bankrot) boʻlib qolishini oldindan bilib, oʻz huquqidan uning ana shunday harakatni amalga oshirishini koʻzlab foydalangan holdagina jamiyatning nochorligi (bankrotligi) aksiyadorning harakatlari tufayli vujudga keltirilgan deb hisoblanadi. Davlat va uning organlari jamiyat oʻz zimmasiga olgan majburiyatlar yuzasidan javobgar boʻlmaydilar, xuddi shuningdek jamiyat ham davlat va uning organlari olgan majburiyatlar yuzasidan javobgar boʻlmaydi.