Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida 56-modda. Dividendlarni toʻlash tartibi

Dividendlar jamiyat tasarrufida qoladigan sof foydadan va (yoki) oʻtgan yillarning taqsimlanmagan foydasidan toʻlanadi. Muayyan turdagi imtiyozli aksiyalar boʻyicha dividendlar jamiyatning buning uchun maxsus moʻljallangan fondlari hisobidan toʻlanishi mumkin. Dividendlar toʻlash muddati va tartibi jamiyat ustavida yoki aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi qarori bilan belgilanadi. Dividendlar toʻlash muddati shunday qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran 60 kundan kech boʻlmasligi lozim. Dividendlar toʻlash vaqtida birinchi navbatda imtiyozli aksiyalar boʻyicha, soʻngra oddiy aksiyalar boʻyicha dividendlar toʻlanadi. Imtiyozli aksiyalar boʻyicha qatʼiy belgilangan dividendlarni toʻlash uchun yetarli miqdorda foyda mavjud boʻlgan taqdirda jamiyat mazkur aksiyalarni saqlovchilarga dividendlar toʻlashni rad etishga haqli emas. Jamiyat rad etgan taqdirda aksiyadorlar dividendlar toʻlashni sud orqali talab qilishlari mumkin. Jamiyat yetarli miqdorda foydaga ega boʻlmasa yoki zarar koʻrib ishlagan boʻlsa, imtiyozli aksiyalar boʻyicha dividendlar ana shu maqsad uchun tashkil etilgan jamiyat zaxira fondi hisobidan va ana shu fond doirasidagina toʻlanishi mumkin. Egasi yoki uning qonuniy huquqiy vorisi yoxud merosxoʻri daʼvo qilish uchun belgilangan muddatda talab qilib olmagan dividend aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi qaroriga binoan jamiyat ixtiyorida qoladi. Oʻzbekiston Respublikasining norezident aksiyadorlari tomonidan olingan dividendlarni erkin almashtiriladigan valyutaga ayirboshlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Aksiyadorlar reyestridan olingan, emitent tomonidan tasdiqlangan koʻchirmalar hamda toʻlangan dividendlar summasi va ular yozilgan sana toʻgʻrisida aksiyadorlar jamiyati buxgalteriyasi bergan maʼlumotnoma ayirboshlash uchun asos boʻladi.