Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida 74-modda. Aksiyadorlarning va davlat vakilining umumiy yigʻilishda ishtirok etish tartibi

Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishda ishtirok etish huquqi shaxsan aksiyador tomonidan yoki uning vakili orqali amalga oshiriladi. Davlat vakilining aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida ishtirok etish huquqi uning shaxsan oʻzi tomonidan amalga oshiriladi. Aksiyador aksiyadorlarning umumiy yigʻilishidagi oʻz vakilini istalgan vaqtda almashtirishga yoki yigʻilishda shaxsan oʻzi ishtirok etishga haqlidir. Aksiyadorning vakili aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida yozma ishonchnoma asosida ish koʻradi. Ovoz berishga doir ishonchnomada vakolat bergan va vakil qilingan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (ismi yoki nomi, turar joyi yoki joylashgan manzili, pasport maʼlumotlari) aks ettirilgan boʻlishi lozim. Jismoniy shaxs nomidan berilgan ovoz berishga doir ishonchnoma notarial tasdiqlangan boʻlishi kerak. Yuridik shaxs nomidan beriladigan ovoz berishga doir ishonchnoma qonun hujjatlarida belgilangan tartibda beriladi. Agar jamiyat aksiyasi bir necha shaxslarning umumiy ulushli mulki boʻlsa, aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida ovoz berish vakolati ularning xohishiga koʻra umumiy ulushli mulk qatnashchilaridan biri yoki ularning umumiy vakili tomonidan amalga oshiriladi. Koʻrsatib oʻtilgan har bir shaxsning vakolatlari tegishli tarzda rasmiylashtirilishi kerak.