Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida kun tartibi masalalari boʻyicha ovoz berish ovoz berish byulletenlari orqali amalga oshiriladi. Ovoz berish byulletenlarining shakli va matni jamiyatning kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Ovoz berish byulleteni umumiy yigʻilishda ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtgan aksiyadorga (uning vakiliga) beriladi. Ovoz berish byulletenida: jamiyatning toʻliq firma nomi, aksiyadorlar umumiy yigʻilishini oʻtkazish sanasi va vaqti, ovoz berishga qoʻyilgan har bir masalaning taʼrifi va uni qarab chiqish navbati, ovoz berishga qoʻyilgan har bir masala boʻyicha “yoqlayman”, “qarshiman” yoki “betarafman” degan mazmundagi soʻzlar bilan ifodalangan ovoz berish variantlari, ovoz berish byulleteni aksiyador tomonidan imzolanishi lozimligi toʻgʻrisidagi koʻrsatma aks ettirilgan boʻlishi lozim. Jamiyatning kuzatuv kengashi yoki taftish komissiyasi aʼzosini (taftishchisini) saylash toʻgʻrisidagi masala yuzasidan ovoz berish oʻtkazilgan taqdirda, ovoz berish byulletenida nomzod toʻgʻrisidagi maʼlumot aks ettirilgan boʻlib, uning familiyasi, ismi, otasining ismi koʻrsatilishi lozim.