Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida 79-modda. Ovoz berish yakunlari toʻgʻrisidagi bayonnoma

Sanoq komissiyasi ovoz berish yakunlari boʻyicha bayonnoma tuzadi. Bayonnoma sanoq komissiyasining aʼzolari yoki komissiya vazifasini bajaruvchi shaxs tomonidan imzolanadi. Ovoz berish yakunlari toʻgʻrisida bayonnoma tuzilganidan va aksiyadorlar umumiy yigʻilishining bayonnomasi imzolanganidan keyin ovoz berish byulletenlari sanoq komissiyasi tomonidan soʻrgʻichlanadi va saqlab qoʻyish uchun jamiyatning arxiviga topshiriladi. Ovoz berish yakunlari toʻgʻrisidagi bayonnoma aksiyadorlar umumiy yigʻilishi bayonnomasiga qoʻshib qoʻyilishi lozim. Ovoz berish yakunlari aksiyadorlarning ovoz berish oʻtkazilgan umumiy yigʻilishida oʻqib eshittiriladi yoki aksiyadorlar umumiy yigʻilishi yopilganidan keyin ovoz berish yakunlari toʻgʻrisidagi hisobotni eʼlon qilish yoki aksiyadorlarga yuborish orqali aksiyadorlarning eʼtiboriga yetkaziladi.