Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida 87-modda. Jamiyatning kollegial ijroiya organi (boshqaruv, direksiya)

Jamiyatning kollegial ijroiya organi (boshqaruv, direksiya) jamiyat ustavi asosida ish yuritadi. Kollegial ijroiya organi majlisida bayonnoma yuritiladi. Kollegial ijroiya organi majlisining bayonnomasi kuzatuv kengashi va taftish komissiyasi aʼzolariga ularning talabiga koʻra beriladi. Jamiyatning kollegial ijroiya organi majlislarini oʻtkazishni jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijroiya organi (direktor) vazifasini bajarayotgan shaxs tashkil etadi, u jamiyat nomidan barcha hujjatlarni hamda kollegial ijroiya organi majlisi bayonnomalarini imzolaydi, kollegial ijroiya organi oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlarga muvofiq ishonchnomasiz jamiyat nomidan ish yuritadi.