Quyidagilar yirik bitimlar deb hisoblanadi: bitimlar tuzish haqida qaror qabul qilinayotgan sanada jamiyat aktivlari balans qiymatining yigirma besh foizidan ortiq qiymatga ega boʻlgan mol-mulkni jamiyatning olishi yoki tasarrufidan chiqarishi bilan bogʻliq yoxud jamiyat bevosita yoki bilvosita mol-mulkni tasarrufidan chiqarishi ehtimoli bilan bogʻliq bitim yoki oʻzaro bogʻlangan bir necha bitim, oddiy xoʻjalik faoliyatini yuritish asnosida sodir etiladigan bitimlar bundan mustasno; jamiyat tomonidan ilgari joylashtirilgan oddiy (odatdagi) aksiyalarning yigirma besh foizidan koʻprogʻini tashkil etadigan oddiy (odatdagi) aksiyalarni yoki oddiy (odatdagi) aksiyalarga ayirboshlanadigan imtiyozli aksiyalarni joylashtirish bilan bogʻliq bir yoki oʻzaro bogʻlangan bir necha bitim. Yirik bitimga sabab boʻlgan mol-mulk qiymatini aniqlash jamiyat kuzatuv kengashi tomonidan amalga oshiriladi.