Qayta tashkil etilayotgan jamiyatning faoliyatini toʻxtatmagan holda, uning huquqlari va majburiyatlarining bir qismini oʻtkazib bir yoki bir nechta jamiyat tuzish jamiyatni ajratib chiqarish deb hisoblanadi. Ajratib chiqarish tarzida qayta tashkil etilayotgan jamiyatning kuzatuv kengashi aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi hukmiga ajratib chiqarish tarzida jamiyatni qayta tashkil etish, ajratib chiqarishni amalga oshirishning tartibi va shartlari, yangi jamiyatni tuzish, ajralib chiqayotgan jamiyatning aksiya va (yoki) boshqa qimmatli qogʻozlarini ayirboshlash imkoniyatlari va bunday ayirboshlash tartibi, boʻlish balansini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masalani havola etadi. Ajratib chiqarish tarzida qayta tashkil etilayotgan jamiyat aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi jamiyatni ajratib chiqarish tarzida qayta tashkil etish, ajratib chiqarishning tartibi va shartlari, yangi jamiyatni tuzish, jamiyatning aksiyalarini ajralib chiqayotgan jamiyatning aksiyalariga va (yoki) boshqa qimmatli qogʻozlariga ayirboshlash imkoniyatlari va bunday ayirboshlashni oʻtkazish tartibi, boʻlish balansini tasdiqlash haqida qaror qabul qiladi. Jamiyat tarkibidan bir yoki bir nechta jamiyat ajralib chiqqanda ajratib chiqarish tarzida qayta tashkil etilgan jamiyat huquqlari va majburiyatlarining bir qismi boʻlish balansiga muvofiq ularning har biriga oʻtadi.