Korxonalar olti oy mobaynida (savdo va savdo-vositachilik korxonalari esa uch oy mobaynida) bank hisobvaraqlari boʻyicha pul operatsiyalarini oʻtkazish bilan bogʻliq moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmagan hollarda, dehqon va fermer xoʻjaliklari bundan mustasno, banklar bunday korxonalar toʻgʻrisidagi axborotni ular hisobga olingan joydagi davlat soliq xizmati organiga tegishli choralar koʻrish uchun taqdim etishlari shart. Bank hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib qoʻyish toʻgʻrisida sud qarori mavjud boʻlgan taqdirda, korxonalarning yopilayotgan hisobvaraqlaridagi mablagʻlar qoldiqlari bank tomonidan foydalanish huquqisiz maxsus hisobvaraqlarga kiritib qoʻyiladi, korxonaning toʻlanishi uchun bankka taqdim etilgan kreditorlik qarzi esa, koʻzda tutilmagan holatlarning alohida hisobvaragʻiga oʻtkaziladi. Korxonalarning bank hisobvaraqlari yopilgandan keyin ularning nomiga kelib tushayotgan mablagʻlar foydalanish huquqisiz maxsus hisobvaraqlarga kiritib qoʻyiladi. Foydalanish huquqisiz maxsus hisobvaraqlarda jamlangan mablagʻlar banklar tomonidan birinchi navbatda korxonalarning budjet va budjetdan tashqari fondlar oldidagi qarzlarini qoplash uchun, qolgan summa esa ularning kreditorlik qarzini toʻlovlarning kalendar navbati boʻyicha qoplash uchun yoʻllanadi. Korxonalarni tugatish boʻyicha maxsus komissiya korxona faoliyatini davom ettirishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan yoki belgilangan tartibda tugatish komissiyasi tayinlangan paytdan eʼtiboran bu korxonaning hisobvaraqlari tasarrufi tegishincha korxonaning oʻziga yoki tugatish komissiyasiga oʻtadi.