Banklar mablagʻlarning saqlanishi hamda omonatchilar oldidagi majburiyatlarining bajarilishi uchun, shu jumladan toʻlovlar bir bankdan boshqa bankka oʻz vaqtida oʻtishi hamda mablagʻlarning korxonalar va tashkilotlar hisob-kitob varaqlariga kiritilishi uchun oʻz mijozlari va omonatchilari oldida javobgardirlar. Bank tugatilganda uning jismoniy shaxs boʻlgan omonatchilari bankni tugatishdan keladigan tushumlar hisobidan oʻz omonatlarini olishda imtiyozga egadirlar. Banklar depozit va kredit operatsiyalariga doir muddatlar va shartlar, shu jumladan Markaziy bank chiqargan qoidalarga muvofiq hisoblab chiqilgan yillik foiz stavkalari, mukofotlar va yigʻimlar toʻgʻrisida oʻz mijozlariga muntazam ravishda axborot berib borishlari shart.