Banklar oʻz faoliyatlarida quyidagi bank operatsiyalarini amalga oshiradilar: jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan vakil banklarning hisobvaraqlarini ochish va yuritish, hisobvaraqlar boʻyicha hisob-kitob qilish; omonatlarni jalb etish; kreditlarning qaytarilishi, foizliligi va muddatliligi sharti bilan oʻz mablagʻlari va jalb etilgan mablagʻlar hisobidan oʻz nomidan kreditlar berish. Banklar boshqa turdagi operatsiyalarni ham amalga oshirishlari mumkin, chunonchi: mablagʻ egasi yoki mablagʻni tasarruf etuvchi bilan tuzilgan shartnomaga binoan pul mablagʻlarini boshqarish; chet el valyutasini naqd pul va naqd boʻlmagan pul shakllarida yuridik hamda jismoniy shaxslardan sotib olish va ularga sotish; pul mablagʻlari, veksellar, toʻlov va hisob-kitob hujjatlarini inkasso qilish; uchinchi shaxslar nomidan majburiyatlarning bajarilishini nazarda tutuvchi kafolatlar berish; uchinchi shaxslardan majburiyatlarning bajarilishini talab qilish huquqini olish; qimmatli qogʻozlar chiqarish, xarid qilish, sotish, hisobini yuritish va ularni saqlash, mijoz bilan tuzilgan shartnomaga binoan qimmatli qogʻozlarni boshqarish, qimmatli qogʻozlar bilan boshqa operatsiyalarni bajarish; bank faoliyati yuzasidan maslahat va axborot xizmati koʻrsatish; jismoniy va yuridik shaxslarga hujjatlar va boshqa boyliklarni saqlash uchun maxsus binolar yoki ular ichidagi poʻlat sandiqlarni ijaraga berish; moliyaviy lizing; mikroqarz berish; xalqaro bank amaliyotiga muvofiq, litsenziyada maxsus koʻrsatilgan boshqa operatsiyalar. Banklar bevosita ishlab chiqarish, savdo va sugʻurta faoliyati bilan shugʻullanishga haqli emaslar, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.