Banklar, qoida tariqasida, mulkchilikning har qanday shakli asosida aksiyadorlik jamiyati tarzida tashkil etiladi. Yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan chet ellik yuridik va jismoniy shaxslar bank muassislari boʻlishi mumkin, basharti, qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari va jamoat fondlari bundan mustasno. Har bir aksiyadorning ustav kapitalidagi ishtirokining eng koʻp ulushi qonun hujjatlari bilan belgilanadi. Banklarning aksiyalarini olish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bank muassislari bank aksiyadorlari tarkibidan u roʻyxatga olingan kundan boshlab bir yil mobaynida chiqib ketish huquqiga ega emaslar. Bankning boshqa banklarning ustav kapitalida ishtirokiga yoʻl qoʻyilmaydi, chet el kapitali ishtirokidagi banklar va shuʼba banklar tashkil etish hollari, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollar bundan mustasno.