Bojxona kodeksi 105-modda. Erkin ombor bojxona rejimida bojxona toʻlovlarining va iqtisodiy siyosat choralarining qoʻllanilishi

Erkin ombor bojxona rejimida turgan tovar erkin muomalaga chiqarish (import) yoki eksport bojxona rejimiga joylashtirilayotganda, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, tovarning ishlab chiqarilgan mamlakatiga bogʻliq ravishda bojxona toʻlovlari va iqtisodiy siyosat choralari qoʻllaniladi. Erkin ombor bojxona rejimiga joylashtirilgan va bojxona hududiga olib kiriladigan chet el tovariga nisbatan, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu tovar bevosita bojxona hududi tashqarisidan olib kirilganidagi kabi bojxona toʻlovlari va iqtisodiy siyosat choralari qoʻllaniladi. Oʻzbekiston tovari erkin ombordan bojxona hududidan tashqariga olib chiqilayotganda unga nisbatan bojxona hududidan olib chiqishda qoʻllanilganidagi kabi bojxona toʻlovlari va iqtisodiy siyosat choralari qoʻllaniladi. Erkin ombordan bojxona hududidan tashqariga olib chiqiladigan tovarning kelib chiqishi toʻgʻrisidagi sertifikat boʻlmagan taqdirda bunday tovar unga bojxona toʻlovlari va iqtisodiy siyosat choralari qoʻllash maqsadida Oʻzbekiston tovari sifatida, boshqa maqsadlarda esa, chet el tovari sifatida qaraladi. Agar tovar olib chiqilayotganda bojxona bojlari va soliqlar toʻlashdan ozod etilishi yoki toʻlangan summalar qaytarilishi nazarda tutilgan boʻlsa, erkin ombor bojxona rejimiga joylashtiriladigan va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga eksport bojxona rejimida olib chiqish moʻljallangan tovar bojxona bojlari va soliqlar toʻlashdan ozod etiladi yoki toʻlangan summalar qaytariladi. Bunday tovarni olib chiqish bojxona bojlari, soliqlar summalari qaytarilgan yoki ularni toʻlashdan ozod qilingan kundan eʼtiboran olti oydan kechiktirmay amalga oshirilishi kerak. Erkin omborlardan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga olib chiqilishi lozim boʻlgan tovar bojxona hududiga qaytarilgan yoki uni olib chiqish belgilangan muddatlar ichida amalga oshirilmagan taqdirda bojxona bojlari va soliqlar toʻlanadi.