Bojxona kodeksi 119-modda. Bojxona tranziti bojxona rejimiga muvofiq bojxona hududi boʻylab olib oʻtiladigan tovar bilan amalga oshiriladigan yuk operatsiyalari va boshqa operatsiyalar

Bojxona tranziti bojxona rejimida turgan tovar bilan oraliq bojxona organi nazorati ostida quyidagi yuk operatsiyalarini va boshqa operatsiyalarni bajarishga yoʻl qoʻyiladi: tovarni bojxona hududiga olib kirgan transport vositasidan olib, shu hududdan olib chiqadigan transport vositasiga yuklash; bojxona tranziti bojxona rejimining amal qilish muddatini toʻxtatib turish uchun, shu jumladan tovar tashilayotgan transport vositasi buzilib qolgan taqdirda shunday qilish uchun vaqtincha saqlash joylarida tovarni tushirish va vaqtincha joylab qoʻyish (saqlash, turkumlarga boʻlish yoki turkumlarga toʻplash va boshqa shu kabi operatsiyalar). Tovarni vaqtincha joylab qoʻyish muddati mazkur operatsiyalarni bajarish uchun ketadigan vaqtdan yoxud transport vositasini taʼmirlash-tiklash ishlariga ketadigan vaqtdan kelib chiqqan holda tashuvchi tomonidan belgilanadi, biroq bu muddat tovarning vaqtincha saqlash bojxona rejimida turishining eng koʻp muddatlaridan oshmasligi kerak. Oʻzining faoliyat koʻrsatish zonasida bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovar bilan ruxsat etilgan yuk operatsiyalari va boshqa operatsiyalar amalga oshiriladigan bojxona organi oraliq bojxona organi hisoblanadi. Agar bajariladigan operatsiyalar tovar ustidan bundan buyongi bojxona nazoratini amalga oshirish imkoni boʻlmasligiga olib kelsa, oraliq bojxona organi ushbu tovar bilan operatsiyalarni amalga oshirishni taqiqlashga haqli. Avariya, yengib boʻlmas kuch taʼsiri yoki bojxona tranziti bojxona rejimiga muvofiq tovarning tashilishiga toʻsqinlik qiladigan boshqa holatlarda, tashuvchi tovarning va transport vositasining but saqlanishini taʼminlash uchun barcha choralarni koʻrishi, eng yaqin bojxona organiga ushbu holatlar va tovar turgan joy toʻgʻrisida darhol xabar qilishi, shuningdek tovarni eng yaqin bojxona organiga yoki bojxona organi koʻrsatgan boshqa joyga tashib oʻtishi yoki tashilishini taʼminlashi shart.