Yoʻq qilish bojxona rejimiga joylashtiriladigan tovarning bojxona rasmiylashtiruvi tovar qaysi bojxona organining faoliyat koʻrsatish zonasida turgan boʻlsa, oʻsha bojxona organi tomonidan amalga oshiriladi. Tovar yoʻq qilinguniga qadar vakolatli shaxs tomonidan bojxona organiga tovarni yoʻq qilish bojxona rejimiga joylashtirish uchun bojxona yuk deklaratsiyasini, shuningdek tovarning kuzatuv hujjatlarini taqdim etadi. Tovar bojxona omborida saqlangan taqdirda, yoʻq qilinishi maʼlum qilingan tovarni bojxona omboridan olib chiqish uchun bojxona organi tomonidan roʻyxatga olingan bojxona yuk deklaratsiyasi asos boʻladi. Tovarni yoʻq qilish joyigacha yetkazib berish va uni yoʻq qilish bojxona nazorati ostida amalga oshiriladi. Tovarni yoʻq qilish fakti boʻyicha bojxona organining mansabdor shaxsi, vakolatli shaxs va tovarlarni amalda yoʻq qilish chogʻida hozir boʻlgan boshqa shaxslar tomonidan imzolanadigan yoʻq qilish dalolatnomasi tuziladi. Tovarni yoʻq qilish dalolatnomasi tovar amalda yoʻq qilinganidan keyin bir ish kuni ichida bojxona organiga taqdim etiladi. Bojxona yuk deklaratsiyasini taqdim etish va roʻyxatdan oʻtkazish yoʻq qilishdan avval, uni rasmiylashtirish esa, tovar yoʻq qilinganidan keyin amalga oshiriladi.