Bojxona nazoratida turgan tovarlarni va (yoki) yoʻlovchilarni haq evaziga yoki bepul tashish uchun foydalaniladigan transport vositasi tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasidir. Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan, transport vositasi bilan birga tashiladigan standart ehtiyot qismlar, ashyolar va uskunalar, standart baklardagi moylash materiallari va yoqilgʻi, shuningdek ashyo-anjomlar bojxona maqsadlari uchun mazkur transport vositasining ajralmas qismi deb qaraladi. Ashyo-anjomlarga quyidagilar kiradi: harakatlanish yoʻlida yoki oraliq toʻxtab oʻtish yoxud toʻxtab turish joylarida daryo va havo kemalari, poyezdlar, shuningdek avtotransport vositalari normal ishlatilishini hamda ularga texnik xizmat koʻrsatilishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan tovarlar; daryo va havo kemalarining bortida, avtotransport vositalarida yoʻlovchilar va ekipajlar aʼzolari isteʼmol qilishi uchun yoki poyezdlarda yoʻlovchilar va poyezd brigadalarining xodimlari isteʼmol qilishi uchun moʻljallangan tovarlar, bu ashyo-anjomlar sotilishidan yoki sotilmasligidan qatʼi nazar; daryo va havo kemalarining, poyezdlarning, shuningdek avtotransport vositalarining yoʻlovchilariga hamda ekipaj aʼzolariga mazkur ashyo-anjomlarini transport vositalarida isteʼmol qilish maqsadisiz sotish uchun moʻljallangan tovarlar.