Bojxona kodeksi 158-modda. Chet ellik jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni va (yoki) transport vositalarini notijorat maqsadlarda vaqtincha olib kirish

Tovarlarni va (yoki) transport vositalarini chet ellik jismoniy shaxslar tomonidan bojxona hududiga bojxona toʻlovlari toʻlashdan ozod etilgan holda vaqtincha olib kirishga, basharti tovarlar va (yoki) transport vositalari ushbu shaxslarni bojxona hududida boʻlishi davriga notijorat maqsadlarda olib kirilayotgan boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi. Bunda transport vositasi chet davlat hududida roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlishi kerak. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan muddat tugaganidan soʻng tovarlar va (yoki) transport vositalari bojxona hududidan oʻzgarmas holatda qaytarib olib chiqilishi yoki tegishli bojxona rejimiga joylashtirilishi lozim. Vaqtincha olib kirilgan tovarlar va (yoki) transport vositalari istalgan bojxona organi orqali bojxona hududidan qaytarib olib chiqilishi mumkin. Vaqtincha olib kirilgan tovarlarni va (yoki) transport vositalarini qaytarib olib chiqishda bojxona toʻlovlari toʻlanmaydi va iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmaydi. Agar vaqtincha olib kirilgan tovarlar va (yoki) transport vositalari avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsiri oqibatida jiddiy shikastlangan va bu vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan boʻlsa, vaqtincha olib kirilgan mazkur tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona hududidan qaytarib olib chiqish amalga oshirilmasligi mumkin.