Bojxona kodeksi 167-modda. Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuboriladigan tovarlarni deklaratsiyalash

Quyidagilarga: a) jismoniy shaxslarning manziliga notijorat maqsadlarda, shuningdek yuridik shaxslar manziliga xalqaro pochta joʻnatmalarida yuboriladigan, qiymati bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravarigacha boʻlgan miqdordagi tovarlar uchun — Umumjahon pochta ittifoqining hujjatlarida nazarda tutilgan hujjatlarga; b) jismoniy shaxslarning manziliga notijorat maqsadlarda, shuningdek yuridik shaxslarning manziliga xalqaro kuryerlik joʻnatmalarida yuboriladigan, qiymati bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravarigacha boʻlgan miqdordagi tovarlar uchun — tijorat hujjatlariga bojxona deklaratsiyasi sifatida qaraladi. Qolgan hollarda xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuboriladigan tovarlarni deklaratsiyalash bojxona yuk deklaratsiyasini berish orqali amalga oshiriladi. Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida olib chiqiladigan, bojxona yuk deklaratsiyasi berilishi lozim boʻlgan tovarlarni deklaratsiyalash mazkur tovarlar pochta aloqasi tashkilotlariga topshirilayotganda amalga oshiriladi.