Bojxona kodeksi 169-modda. Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuboriladigan tovarlarga doir bojxona toʻlovlari

Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuboriladigan tovarlarga doir bojxona toʻlovlari vakolatli shaxs tomonidan toʻlanadi. Jismoniy shaxslarning notijorat maqsadlar uchun xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuboriladigan, qiymati va (yoki) miqdori tovarlarni bojsiz olib kirish normasidan ortiq boʻlgan tovarlarning ortiq qismi uchun yagona bojxona toʻlovi toʻlanadi. Ushbu Kodeksning 167-moddasiga muvofiq bojxona yuk deklaratsiyasini berish talab qilinmaydigan tovarlar boʻyicha bojxona toʻlovlari bojxona organlari tomonidan bojxona kirim orderidan foydalangan holda hisoblanadi. Bojxona kirim orderini toʻldirish va bojxona toʻlovlarini hisoblab chiqarish bojxona organining mansabdor shaxsi tomonidan amalga oshiriladi. Bojxona yuk deklaratsiyasini berish talab qilinmaydigan tovarlarga bojxona toʻlovlari summalarini hisoblab chiqarish Umumjahon pochta ittifoqining hujjatlarida nazarda tutilgan hujjatlarda va bojxona maqsadlari uchun foydalaniladigan tijorat hujjatlarida koʻrsatilgan tovarlarning qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi. Tovarlarning qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlmagan taqdirda, tovarlarning bojxona qiymati bojxona organi tomonidan ushbu Kodeksga muvofiq aniqlanadi. Bojxona toʻlovlarini hisoblab chiqarish va ularni toʻlash ushbu Kodeksning VIII boʻlimida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bojxona organi tomonidan bojxona toʻlovlari hisoblangan tovarlarni oʻz ichiga olgan xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari vakolatli shaxsga bojxona toʻlovlari toʻlanganidan keyin beriladi.