Binolarida va hududlarida bojxona nazoratidan oʻtishi lozim boʻlgan tovarlar va (yoki) transport vositalari, bojxona nazorati uchun zarur hujjatlar turgan yoki turishi ehtimoli boʻlgan yoxud nazorat qilinishi bojxona organlari zimmasiga yuklatilgan faoliyatni amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar shu binolarga va hududlarga bojxona organlarining mansabdor shaxslariga ular xizmat guvohnomasini koʻrsatgan taqdirda kirish imkonini beradi. Agar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida yoki xalqaro shartnomalarida davlat organlari mansabdor shaxslarining alohida obyektlarga kirishi uchun boshqacha tartib belgilangan boʻlsa, bojxona organlarining mansabdor shaxslari bu obyektlarga Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida yoki xalqaro shartnomalarida belgilangan tartibda kirishga haqli.