Bojxona chegarasidan olib oʻtilayotgan va (yoki) bojxona nazorati ostida boʻlgan barcha tovarlar va transport vositalari bojxona organlari tomonidan hisobga olinishi kerak. Tegishli bojxona rejimlari shartlariga rioya etilishi uchun masʼul boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan tovarlarning va transport vositalarining hisobini yuritishi hamda bojxona organlariga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadigan shaklda hisobot taqdim etishi shart. Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan tovarlarni va transport vositalarini hisobga olish tizimini tekshirish bojxona organlari tomonidan quyidagi hollarda qoʻllanilishi mumkin: shaxs bojxona rasmiylashtiruvining soddalashtirilgan tartib-taomillarini qoʻllash toʻgʻrisida ariza berganda; hisobga olinishi lozim boʻlgan tovarlar shartli ravishda chiqarib yuborilganda; bojxona brokerlarining, bojxona tashuvchilarining, shuningdek ayrim bojxona rejimlari doirasida faoliyat yuritayotgan va (yoki) tovarlarni bojxona nazorati ostida saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatayotgan shaxslarning faoliyati nazorat qilinayotganda; bojxona nazorati ostida turgan tovarlar va (yoki) transport vositalariga nisbatan vakolatli shaxs tekshirilayotganda. Bojxona nazorati ostida turgan tovarlarni va transport vositalarini inventarizatsiya qilish bojxona organi boshligʻining yoki uning oʻrnini bosuvchi shaxsning qaroriga koʻra bojxona organining mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshiriladi. Bojxona organlari tegishli bojxona rejimlari shartlariga rioya etilishi uchun javobgar boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan oʻtkazilgan tovarlar va transport vositalari inventarizatsiyasi natijalaridan foydalanishi mumkin.