Bojxona kodeksi 212-modda. Ekspert

Xulosa berish uchun bojxona organlarining mansabdor shaxsi, ilm-fan, texnika, sanʼat yoki hunarmandchilik sohasida maxsus bilimlarga ega, belgilangan tartibda ekspert sifatida tayinlangan boshqa tashkilotning xodimi ekspert sifatida ish yuritishi mumkin. Boshqa tashkilotning xodimi bojxona ekspertizasini tayinlagan organ tomonidan mazkur tashkilotga berilgan topshiriqni bajarish tartibida bojxona ekspertizasini amalga oshiradi. Ekspert tadqiqotda faqat oʻziga topshirilgan bojxona ekspertizasi predmetiga taalluqli va xulosa berish uchun ahamiyatga molik masalalar boʻyicha ishtirok etadi. Ekspert bojxona ekspertizasini amalga oshirayotganda bojxona ekspertizasini tayinlagan organdan, ekspertiza yakunidan manfaatdor taraflardan va boshqa shaxslardan mustaqildir. Ekspert oʻtkazilgan tadqiqotlar natijalariga asoslanib xulosa beradi. Bojxona ekspertizasini tayinlagan organ tomonidan, shuningdek boshqa davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ekspertga biror taraf foydasiga yoki bojxona ekspertizasining yakunidan manfaatdor boshqa shaxslar foydasiga xulosa olish maqsadida taʼsir koʻrsatishga yoʻl qoʻyilmaydi.