Bojxona kodeksi 223-modda. Bojxona hamrohligida kuzatib borishning qoʻllanilishi

Bojxona hamrohligida kuzatib borish chet el tovarlarini tashiyotgan avtotransport vositalariga nisbatan qoʻllaniladi, bundan quyidagi hollar mustasno: tovarlarni tashish XYT daftarchasini qoʻllagan holda yuklarni xalqaro tashish toʻgʻrisidagi bojxona konvensiyasiga (Jeneva, 1975-yil 14-noyabr) muvofiq amalga oshirilgan taqdirda; milliy avtotashuvchilar tomonidan import tovarlarni tashish tovarlarni bojxona nazorati ostida tashish uchun jihozlangan transport vositalarida amalga oshirilgan taqdirda; ushbu Kodeksning 47-bobiga muvofiq bojxona toʻlovlari toʻlanishi taʼminlangan taqdirda; tovarlar bojxona hududiga insonparvarlik yordami va texnik koʻmak sifatida, shuningdek xalqaro pochta joʻnatmalari va feldyeger pochtasi sifatida, tasdiqlovchi hujjatlar boʻlgan taqdirda olib kirilganda. Bojxona hamrohligida kuzatib borish avtotransport vositasi joʻnatuvchi bojxona organiga yetib kelgan paytdan eʼtiboran olti soatdan kechiktirmay boshlanadi. Bojxona hamrohligida kuzatib borish bitta yoki bir nechta avtotransport vositasiga nisbatan amalga oshirilishi mumkin, lekin ularning soni yigirmatadan oshmasligi kerak. Bojxona hamrohligida kuzatib borish uchun bojxona yigʻimi undiriladi. Bojxona hamrohligida kuzatib borish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadi. Bojxona organlari chet el tovarlarini tashiyotgan transport vositalarining xavflarni baholash natijalarini hisobga olgan holda bojxona kuzatuvini amalga oshirishi mumkin.