Avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsiri yoxud tovarlarni tayin qilingan joyga tashishga toʻsqinlik qiladigan boshqa vaziyatlar oqibatida tashuvchi: tovarning, transport vositasining butligini saqlash va ulardan foydalanilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun zarur chora-tadbirlarni koʻrishi; eng yaqin bojxona organiga tegishli vaziyatlar, tovarning va transport vositasining turgan joyi toʻgʻrisida darhol xabar berishi; tovarlarni eng yaqin bojxona organiga yoki bojxona organi koʻrsatgan boshqa joyga olib borishi yoxud, agar uning transport vositasi buzilgan boʻlsa, olib borilishini taʼminlashi shart. Bojxona organi bojxona nazoratini taʼminlash uchun qoʻllaniladigan chora-tadbirlarni sodir boʻlgan hodisaning xususiyatiga, tovar sifatining yoʻqotilish darajasi va tovar tashilishini amalga oshirayotgan transport vositasining texnik holatiga bogʻliq ravishda belgilaydi. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan va bojxona hududida sodir boʻlgan hollar belgilangan tartibda tegishli vakolatli organlar tomonidan tasdiqlangan boʻlishi kerak. Ushbu moddada nazarda tutilgan choralar koʻrilishi munosabati bilan tashuvchi qilgan xarajatlarning oʻrni bojxona organlari tomonidan qoplanmaydi.