Bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovar bilan yuk operatsiyalari tovar yetkazib berilgan manzilda shu maqsadlarni amalga oshirish uchun maxsus ajratilgan joylarda va bojxona organining ish vaqtida amalga oshiriladi. Yuk operatsiyalarini vakolatli shaxsning yoki tashuvchining yozma arizasiga koʻra boshqa joylarda va (yoki) qaysi bojxona organining faoliyat koʻrsatish zonasida yuk operatsiyalarini amalga oshirish zarurati tugʻilgan boʻlsa, oʻsha bojxona organining belgilangan ish vaqtidan tashqari paytda oʻtkazishga shu bojxona organining nazorati ostida yoʻl qoʻyiladi. Bojxona nazorati ostidagi tovarni tashishni amalga oshirayotgan transport vositasi buzilib qolgan taqdirda, uni ushbu Kodeksning 84-moddasida belgilangan vaqtincha saqlash joylarida vaqtincha saqlashga yoʻl qoʻyiladi. Bunday saqlash muddati bojxona organi tomonidan transport vositasini taʼmirlash uchun ketadigan vaqtdan kelib chiqqan holda belgilanadi, bu muddat tovarning vaqtincha saqlash bojxona rejimida turishining eng koʻp muddatidan oshmasligi lozim. Tovar bilan yuk operatsiyalarining oʻtkazilishi tovarning yoʻqotilishiga yoki xossalari oʻzgarishiga olib kelishi ehtimoli boʻlgan yoxud shu tovar ustidan bundan buyongi bojxona nazoratini amalga oshirish imkoni boʻlmasligiga sabab boʻlgan taqdirdagina bojxona organi tovar bilan yuk operatsiyalarini oʻtkazishni rad etishi mumkin. Bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovar tushirilib, boshqa transport vositasiga qayta ortilgan taqdirda, mazkur bobda bayon etilgan talablar va shartlarga rioya etishga ushbu tovarni bojxona nazorati ostida bundan buyongi tashish uchun qabul qilib olgan tashuvchi javobgar boʻladi.