Tovar kelib tushadigan bojxona organi joylashgan yerlarga yoki joʻnatuvchi bojxona organi tomonidan belgilangan boshqa joylarga tovar yetkazib beriladi. Tovar kelib tushadigan bojxona organining ish vaqtidan tashqari paytda tovar yetkazib berilgan taqdirda, u bojxona nazorati zonasiga joylashtiriladi. Tashuvchi tovar kelib tushadigan bojxona organini tovar yetkazib berilganligi toʻgʻrisida quyidagilarni taqdim qilish orqali xabardor qiladi: tranzit deklaratsiyasini; tovarning kuzatuv hujjatlarini; yetkazib berilgan tovarlarni. Xabar qilish tovarlar yetkazib berilganidan keyin oʻttiz daqiqadan kechiktirmay, tovarlar tovar kelib tushadigan bojxona organining ish vaqtidan tashqari paytida yetkazib berilgan taqdirda esa, bojxona organining ish vaqti boshlanganidan keyin oʻttiz daqiqadan kechiktirmay amalga oshirilishi kerak. Tovar kelib tushadigan bojxona organi xabarnomani olgan paytdan eʼtiboran uch soat ichida tovarning kuzatuv hujjatlariga belgi qoʻyish orqali tovar va transport vositasi yetkazib berilganligi faktini tasdiqlaydi. Bojxonaga oid huquqbuzarlik aniqlangan taqdirda tovar va transport vositasi yetkazib berilganligi toʻgʻrisidagi tasdiqnoma tekshirish tugallanguniga qadar toʻxtatib turiladi. Yetkazib berilganligi tasdiqlangan paytdan eʼtiboran tovar vaqtincha saqlash bojxona rejimida turgan tovar maqomini oladi. Tovar yetkazib berilganidan hamda tovar kelib tushadigan bojxona organiga tegishli hujjatlar va maʼlumotlar taqdim qilinganidan keyin tovar tushirib olinishi yoki qayta ortilishi, bojxona omboriga vaqtincha saqlash uchun joylashtirilishi, muayyan bojxona rejimiga maʼlum qilinishi mumkin. Ushbu moddaning talablarida nazarda tutilgan harakatlar yoki holatlar oqibatida tashuvchi qilgan xarajatlar tashuvchining hisobiga yoziladi va ularning oʻrni bojxona organlari tomonidan qoplanmaydi.
32-bob. Transport vositasiga tovarlarni bojxona plombalari va muhrlari ostida tashishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi guvohnoma