Bojxona kodeksi 234-modda. Guvohnomaga qaydlar kiritish tartib-taomili

Agar xalqaro yuk tashishni amalga oshirayotgan, bunga ruxsat etilgan avtotransport vositasida jiddiy nosozliklar aniqlansa, bojxona organlari avtotransport vositasining harakatlanishini davom ettirishni taqiqlab qoʻyishi yoxud nazorat boʻyicha zarur choralar koʻrib, avtotransport vositasining yurishda davom ettirishiga ruxsat berishi mumkin. Ruxsat etilgan avtotransport vositasi mumkin qadar qisqa vaqtda va undan yuklarni bojxona plombalari va muhrlari ostida tashish uchun qayta foydalanilguniga qadar qoniqarli holatga keltirilishi kerak. Avtotransport vositasi taʼmirlash natijasida tashishga ruxsat etish shartlariga mos keladigan holatga keltirilganidan soʻng u guvohnomaning amal qilishini tiklaydigan bojxona organiga taqdim etilishi kerak. Jiddiy nosozliklar aniqlangan avtotransport vositasidan ushbu moddaning uchinchi qismida belgilanganidek, tegishli taʼmirlash oʻtkazilmaguniga qadar yuklarni bojxona plombalari va muhrlari ostida tashish uchun yana foydalanilishi mumkin emas. Guvohnomaga kiritilgan har bir qayd uning kiritilish sanasi qoʻyilgan holda, ushbu qaydni kiritgan bojxona organi mansabdor shaxsining imzosi va shaxsiy muhri bilan tasdiqlanishi kerak. Agar avtotransport vositasida bojxona organlarining fikricha jiddiy xususiyatga ega boʻlmagan va bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishiga imkon yaratmaydigan nosozliklar boʻlsa, bu transport vositasidan keyinchalik yuklarni tashish uchun foydalanishga ruxsat etilishi mumkin. Guvohnomaning egasi boʻlgan arizachi mazkur nosozliklar toʻgʻrisida xabardor qilinadi va u oʻzining avtotransport vositasini tegishli tarzda taʼmirlashi kerak.