Bojxona kodeksi 24-modda. Tovarlar va transport vositalari olib kirilishini hamda olib chiqilishini taqiqlash

Davlat xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini, inson hayoti va sogʻligʻini saqlash, atrof muhitni muhofaza qilish, milliy va maʼnaviy qadriyatlarni saqlab qolish, Oʻzbekiston Respublikasi va boshqa mamlakatlar xalqlarining madaniy boyliklarini, mulk huquqini, shu jumladan intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqni, olib kirilayotgan tovarlar isteʼmolchilarining manfaatlarini himoya qilish maqsadida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining boshqa manfaatlaridan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq ayrim tovarlarni va (yoki) transport vositalarini Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish hamda ushbu hududdan olib chiqish taqiqlanishi mumkin. Olib kirilishi va olib chiqilishi taqiqlangan tovarlar va (yoki) transport vositalari, agar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida yoki xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ular olib kirilganda — darhol bojxona hududidan tashqariga olib chiqilishi yoxud ular olib chiqilganda — darhol bojxona hududiga qaytarilishi shart. Tovarni olib chiqish yoki qaytarish, shuningdek yuk operatsiyalari tovarni olib oʻtayotgan shaxs yoxud tashuvchi tomonidan amalga oshiriladi. Agar tovar darhol olib chiqilmagan yoki qaytarilmagan boʻlsa, tovar bojxona organi egasi boʻlgan bojxona omboriga yoxud bojxona nazorati zonalariga tovarni olib oʻtayotgan shaxs yoki tashuvchi hisobidan vaqtincha saqlash bojxona rejimiga joylashtirilishi lozim. Bunday tovarni saqlashning eng koʻp muddati, agar qonunchilikda ayrim turdagi tovarlarga nisbatan boshqacha muddat nazarda tutilmagan boʻlsa, uch sutkani tashkil etadi. Ushbu muddat tugagach, mazkur tovarni tasarruf etish davlat daromadiga oʻtkazilishi lozim boʻlgan tovarlarga nisbatan qoʻllaniladigan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.