Vakolatli shaxs tomonidan tanlangan bojxona rejimiga joylashtiriladigan tovarlar va transport vositalari bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilishi lozim. Bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish tartibi foydalanilayotgan transportning turlari, tovarlar va transport vositalarini olib oʻtayotgan jismoniy shaxslarning toifalari hisobga olingan holda, bojxona chegarasi orqali olib oʻtilayotgan tovarlarning turiga qarab qoʻllaniladi. Bojxona rasmiylashtiruvi tovarlarning ishlab chiqarilgan, joʻnatilgan va kelib tushgan mamlakatidan, bojxona chegarasi orqali olib oʻtish maqsadidan va bojxona hududida foydalanilishidan qatʼi nazar amalga oshiriladi. Boshqa davlatlarning bojxona nazorati uchun foydalaniladigan hujjatlari bojxona rasmiylashtiruvini soddalashtirish va tezlashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq qoʻllanilishi mumkin.