Bojxona kodeksi 261-modda. Bojxona deklaratsiyasini berish muddati

Bojxona hududiga olib kirilayotgan tovarlar uchun bojxona deklaratsiyasi tovar kelib tushadigan bojxona organiga tovarlar taqdim etilgan kundan eʼtiboran oʻn besh kalendar kundan kechiktirmay beriladi, bundan ushbu Kodeksning 22 , 23 va 25-boblarida nazarda tutilgan hollar mustasno. Agar bojxona deklaratsiyasini taqdim etish muddatining tugashi bojxona organi ishlamaydigan kunga toʻgʻri kelib qolsa, bojxona organining navbatdagi ish kuni shu muddat tugaydigan kun deb hisoblanadi. Tranzit deklaratsiyasi bojxona hududiga kirib kelayotgan tovarlar va transport vositalari bojxona chegarasini kesib oʻtguniga qadar yoki kesib oʻtish vaqtida beriladi. Olib chiqilayotgan tovarlar uchun bojxona deklaratsiyasi ular amalda olib chiqib ketilguniga qadar beriladi. Tovarlarning oʻzini olib chiqmasdan yoki ularni olib kirmasdan bojxona rejimi oʻzgartiriladigan tovarlarga nisbatan bojxona deklaratsiyasi avvalgi bojxona rejimi tugallanguniga qadar beriladi. Jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni notijorat maqsadlarda qoʻl yukida va kuzatib boriladigan bagajda bojxona chegarasi orqali olib oʻtilayotganda bojxona deklaratsiyasi tovarlarni taqdim etish bilan bir vaqtda beriladi. Bojxona hududiga kirib kelayotgan transport vositalari bojxona chegarasini kesib oʻtganidan soʻng uch soatdan kechiktirmay deklaratsiyalanadi, bojxona hududidan chiqib ketayotgan transport vositalari esa bojxona chegarasini kesib oʻtishdan kamida uch soat oldin deklaratsiyalanadi.