Qonunchilik buzilgan taqdirda, bojxona rejimida turgan tovarlar belgilangan tartibda olib qoʻyilishi mumkin. Tegishli bojxona rejimida turgan tovar olib qoʻyilayotganda ushbu bojxona rejimining amal qilishi tovar olib qoʻyilgan kunning ertasidan boshlab toʻxtatib turiladi va ushbu tovarni davlat daromadiga oʻtkazish nazarda tutilmagan qaror (hal qiluv qarori) kuchga kirgan kunning ertasidan boshlab qayta tiklanadi. Agar olib qoʻyilgan tovarlar davriy bojxona toʻlovi toʻlangan holda vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirilgan boʻlsa, bojxona rejimi toʻxtatib turilgan davr uchun davriy bojxona toʻlovi toʻlanmaydi. Bojxona rejimining amal qilishi quyidagi hollarda bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligiga doir ish boʻyicha tegishli qaror (hal qiluv qarori) kuchga kirgan kunning ertasidan boshlab oʻn besh ish kuni ichida tugatilishi kerak, agar: tovarning olib qoʻyilishi bojxona rejimi talablari va shartlariga rioya etmaslik bilan bogʻliq boʻlsa va bu uni kelgusida qoʻllashning imkoniyati boʻlmasligiga olib kelsa; jismoniy shaxsning maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi bojxona rejimi talablari va shartlariga rioya etmaslik bilan bogʻliq boʻlsa va bu uni kelgusida qoʻllashning imkoniyati boʻlmasligiga olib kelsa.