Olib chiqiladigan tovarning bojxona qiymatini aniqlashda bitimning narxidan quyidagi toʻlovlar va xarajatlar chiqarib tashlanadi, basharti ular ilgari bitimning narxiga kiritilgan boʻlsa va hujjatlar bilan tasdiqlanishi mumkin boʻlsa: sanoat qurilmalari, mashinalar yoki uskunalar kabi tovarlar bojxona hududidan olib chiqilganidan soʻng amalga oshirilgan uskunalarni qurish, oʻrnatish, yigʻish, montaj qilish, sozlash va ularga xizmat koʻrsatish yoki texnik koʻmaklashish xarajatlari; tovar bojxona hududidan olib chiqilgandan keyingi uni yetkazib berish xarajatlari; tovar bojxona hududidan olib chiqilganidan keyingi uni yetkazib berishni sugʻurtalash qiymati; import qilingan mamlakatda sotuvchi tomonidan toʻlanadigan bojxona toʻlovlari. Bitimning narxi mavjud boʻlmagan taqdirda, olib chiqiladigan tovarning bojxona qiymati eksport qilayotgan sotuvchining olib chiqiladigan tovarni ishlab chiqarish yoki olish, saqlash va tashish bilan bogʻliq xarajatlari toʻgʻrisida deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan taqdim etilgan hujjatlardan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Bunda ushbu moddaning birinchi qismida sanab oʻtilgan xarajatlar ham hisobga olinadi.