Bojxona kodeksi 32-modda. Reeksport bojxona rejimi

Reeksport bojxona rejimi shunday rejimki, bunda bojxona hududiga ilgari olib kirilgan tovar yoxud bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarni qayta ishlash mahsuloti bojxona hududidan bojxona bojlari va soliqlar toʻlanmagan, tovarga nisbatan iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmagan holda, ushbu Kodeksning 35-moddasida nazarda tutilgan hollarda esa, uni olib kirishda toʻlangan bojxona bojlari va soliqlar summalari qaytarilgan holda olib chiqiladi. Reeksport bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni bojxona hududidan amalda olib chiqish bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan eʼtiboran olti oydan kechiktirmay amalga oshiriladi. Reeksport bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlar ushbu Kodeks 218-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq belgilangan muddatlarda bojxona hududidan amalda olib chiqilishi kerak. Agar tovarlar uchun tranzit deklaratsiyasi ular reeksport bojxona rejimiga joylashtirilgan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida taqdim etilmasa, tovarlar vaqtincha saqlash bojxona rejimiga joylashtirilishi kerak.